Otam haqida



Dadam… Bu inson men uchun doim ideal bo’lib kelgan. Ko’p narsalar dadamdan o’tgan menga va ko’p narsalarni o’rganganman. 

Mendan tez-tez so’rashadi, «kitob o’qishga qanday qiziqqansiz?», «fikrlashingizga qanday erishgansiz?» va h.k. Aslida bular hech biri meniki emas. Bular Dadamniki!

Esimda, bolaligimda bir sahna doim takrorlanardi. Dadam uyga ishdan eng oxirgi bo’lib kelardi. Ovqatlanguncha stol ustida doim gazeta yoki kitob bo’lardi. (Ovqat paytida bizni oilada serial ko’rilmaydi odatda). Qiziqardim, nimasini o’qir ekan deb. Krossvord yechganlarida, men ham yashirincha tushunmasam ham kataklarga bir nimalar chizar edim (ukam ham shunaqa qildi, eng qizig’i). O’sha «ijod»larimni ba’zilarini 2 yil oldin topib olganman eski-tuski gazetalar orasidan (gazetalar hali ham saqlanib qolgan bizda).  Keyin, o’qishni o’rgandim. Uydagi hamma kitoblarni oq’ir edim tinmay.

Dadamga taqlid keyinchalik chinakam odatga aylandi. Hozir ham biron kitob o’qib ovqatlansam «ot dushi» mazza qilaman. Yana U kishidan o’rganganlarim: odamlarni gaplariga e’tibor bermaslik, irim-sirimlarga ishonmaslik, o’zini yuqori formada saqlash, aql bilan ish ko’rish, futbolga mehr, telefonga emas, kompyuterga qiziqish… (Bu ro’yxat uzoq davom etishi mumkin, agar yozaman desam)

Hayotimda hamma qatori men ham xato qildim. Yiqildim, kurashdim, ba’zida o’ta erinchoqligim tutdi, tashlab ketdim… Lekin ota-onam doim yonimda bo’ldi. Bu narsalarni endi, mustaqil bo’lib, o’z kuchim bilan nimagadir erishish uchun begona shaxarga kelib tushuna boshlayapman. en kashf qilayotgan xulosalar oldida aqlim lol… 

Rosti, hozir ham sezaman dadamni qo’llab-quvvatlashini. Bir narsa uchun ulardan doim minnatdorman: men va ukamga yaratib berilgan yaxshi sharoit va nima qilsam, nimani tanlasam ham ishondilar. Shu vaqtgacha dadamdan shaxsiy fikrimga va tanlovimga qarshi chiqish tugul, bir og’iz qattiq gap eshitmadim. Vaholan-ki, men qilgan ishlar Sibirga surgun qilinish, nemis konstlageriga jo’natish, «xalq dushmani» deb «расстрелять» qilinishga loyiq edi…

Hozir begona shaxarda o’sish davomida u kishiga o’xshashga harakat qilyapman… Men ham ota bo’lganimda farzandimni aynan Sizni metodingiz bilan tarbiya qilaman. Shu yo’l eng yaxshi va eng to’g’ri yo’l ekan…

Dada. Men boshqalarga o’xshamadim. Sizni kasbingizni tutmadim, elchi, harbiy, texnik bo’lmadim, hatto oddiy institutga ham kirishni eplamadim hali. Sizni har bir so'zingizni hurmat bilan tinglashadi. Meni esa tinglashadimi yo'qmi, buni bilmayman ham. Yetarli raxmat ham olib kelmadim. Hozirgi holatimda, shu post bilan tabriklashdan boshqa narsa qo'limdan kelmas ekan… Lekin, hammasi oldinda. Eng muhimi, o’z yo’limni topdim. Hali hammasiga erishaman. Shu vaqtgacha va bundan bu yog’iga erishadiganlarim hammasi Sizniki!

Tug’ilgan kuningiz bilan Dada!

Комментарии